BuildTech 2027 ixtisoslashtirilgan ekspozitsiyasi «Qurilish texnikasi va texnologiyalari»

16 - 18 mart 2027, "O`zekspomarkaz" MKK / Toshkent

Yangiliklar (for all)

Prezident Yangi Toshkentda qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lgan 10 ta loyiha qurilishiga start berdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Yangi Toshkentda yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda uning matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Yashil” shahar konsepsiyasi asosida Yangi Toshkent qurilishi uch yil avval boshlangan. Bu mamlakat tarixidagi eng yirik shaharsozlik loyihasidir. Birinchi bosqichda 50 mlrd dollar qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 2000 gektar yashil hudud va 500 gektar parklar barpo etilishi rejalashtirilgan. 150 million kvadrat metr turar joy va noturar joy obyektlari quriladi. Uch yil ichida 2 mlrd dollar miqdorida ishlar bajarildi. Uy-joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurildi.

Marosim davomida umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan 7 ta obyekt foydalanishga topshirildi.

Ular orasida — “Shark bahori” turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yo‘l va infratuzilma obyektlari, “Yangi Toshkent” 1-sonli podstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, “Sohil bog‘i” parki va 2000 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan umumta’lim maktabi bor.

Turkiyaning MIMSAN kompaniyasi ishtirokida 73 mln dollar investitsiya hisobiga qurilgan trigeneratsiya stansiyasi bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi ishlab chiqarib, 100 mingta xonadonni markazlashgan isitish va sovutish bilan ta’minlash imkonini beradi. Xitoyning Haocheng Industry Group kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan podstansiya va yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish loyihasining qiymati 95 mln dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 18 km avtomobil yo‘llari qurildi, 13 km kanalizatsiya tarmoqlari va 4,5 km ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari yotqizildi. 10 km uzunlikdagi Chirchiq daryosi bo‘yida, “Sohil bog‘i” hududida piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etildi. “Shark bahori” turar joy majmuasi qurilishining birinchi bosqichida qariyb 7000 ta kvartira qurildi.

Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlar hamkorlari ishtirokida umumiy qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lgan yana 10 ta yirik loyihaning qurilishiga start berildi.

Ulardan biri — yuqori texnologiyali mahsulotlar va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Deep Tech Park sanoat zonasi. Uni yaratishga 320 mln dollar yo‘naltiriladi. Kelgusida bu yerda umumiy qiymati 1,7 mlrd dollar bo‘lgan loyihalarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Finlyandiyaning MariMatic kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni yig‘ish va ulardan “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarning tomlarida umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lgan fotoelektrik tizimlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni poytaxt bilan bog‘lash uchun Temur Malik ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li o‘rtasida ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va 10 kilometrlik avtomobil yo‘li quriladi. Yana bir loyiha metro bekatlari bilan bog‘langan yer osti avtoturargohini qurish bo‘ladi.

Umumiy maydoni 818 ming kv. m dan ortiq bo‘lgan Metropolis biznes-siti hududida ofislar, mehmonxona, turar joy binolari va xizmat ko‘rsatish sohasiga oid obyektlar joylashadi. Umumiy maydonning 500 ming kv. m qismi ishbilarmonlik infratuzilmasi uchun ajratilgan.

Bundan tashqari, Silk City, “Mavj” va “Marjon” turar joy majmualari, shuningdek, 120 o‘rinli Yangi Toshkent markaziy kasalxonasi quriladi.

Davlat rahbari ushbu loyihalar Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidladi. U shaharni barpo etishda ishtirok etayotgan quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Manba
Hamkorlar